Ushbu maqolada nutqiy aktlarning o‘qitilishida Blum taksonomiyasidan foydalanish metodikasi ko‘rib chiqiladi. Nutqiy aktlar nazariyasi lingvistika va pragmatikaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda so‘zlovchining intension (maqsad) va kontekstga mos ravishda qanday til birliklari, uslublar, ifodalar tanlashi hamda suhbatdoshga qanday ta’sir o‘tkazishi o‘rganiladi. Biroq odatda grammatik va leksik omillarga e’tibor kuchliroq bo‘lganligi bois, nutqiy aktlarning chuqur ma’no jihatidan tahlili hamisha ham dars jarayonida keng o‘rin olavermaydi. Blum taksonomiyasi esa bosqichma-bosqich kognitiv rivojlanishni inobatga olib, o‘quvchilarning “eslash”, “tushunish”, “qo‘llash”, “tahlil”, “baholash”, “yaratish” bosqichlarida nutqiy aktlardagi ma’noni anglash, nutq strategiyasini tanlash va ijodiy ifodalash ko‘nikmalarini sistemali shakllantirish imkonini beradi. Mazkur maqolada ushbu yondashuvning nazariy asoslari, metodik xususiyatlari hamda amaliy qo‘llash yo‘llari yoritilib, nutqiy aktlarni tahlil qilish, baholash va ijodiy yaratish bo‘yicha bosqichma-bosqich strategiyalar taklif etiladi.